Xarakterning shakllanishi
Har bir insonning kelajakdagi muvaffaqiyati va xarakteri uning bolalik yillari, ulg‘aygan muhiti hamda oiladagi tarbiyasi bilan uzviy bog‘liqdir. Adham Zulxaydarov 1996-yilda Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida, ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi prokuror va advokat bo‘lib xizmat qilgan, onasi esa ko‘p yillar davomida xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritgan fidoyi o‘qituvchidir. Aynan oiladagi tartib-intizom, qonunlarga hurmat va ilmga bo‘lgan yuqori qiziqish uning o‘smirlik davridanoq qat’iyatli bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qildi. Bolaligining dastlabki yillarini Zarbdor tumanidagi 3-sonli o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazgan qahramonimiz, keyinchalik Toshkent shahriga ko‘chib o‘tib, Yunusobod tumanidagi 122-harbiy ixtisoslashtirilgan maktabda va so‘ngra Chilonzor tumanidagi S.X.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda tahsil oldi. Uning professional hayotga dadil qadam tashlashida va o‘z ustida to‘xtovsiz ishlashida ota-onasi bilan bir qatorda akasi Akmal Zulxaydarovning ham o‘rni beqiyos bo‘ldi. Dastlab tarix faniga bo‘lgan qiziqishi yuqori bo‘lishiga qaramay, akasining to‘g‘ri yo‘naltirishi va maslahati bilan u kelajagi porloq va iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan kadrlar menejmenti sohasini tanlashga qaror qildi. Ushbu oilaviy muhit va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi unda mas’uliyat, insonlar bilan to‘g‘ri muloqot qilish san’ati va yetakchilik xislatlarini shakllantirdi.
Kasb tanlash: "Kadrlar menejmenti" va universitet yillari
2015-yilda S.X.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyni tamomlagan Adham Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Iqtisodiyot fakulteti kadrlar menejmenti yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi. O‘sha yillarda ushbu yo‘nalish ko‘pchilik uchun yangi va hali to‘liq anglab yetilmagan soha bo‘lsa-da, qahramonimiz undagi ulkan salohiyatni va kelajak iqtisodiyotidagi o‘rnini ko‘ra bildi. Universitetdagi to‘rt yillik tahsil davomida u nafaqat nazariy bilimlarni chuqur egalladi, balki xalqaro tillarni, xususan, rus va ingliz tillarini mukammal o‘zlashtirib, IELTS sertifikatini ham qo‘lga kiritdi. Ushbu muvaffaqiyatlar evaziga u Buyuk Britaniyaning London South Bank universitetiga o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa-da, muayyan sabablarga ko‘ra o‘qishni O‘zbekistonda davom ettirishga va amaliyotga ko‘proq urg‘u berishga qaror qildi. Universitet yillari uning faoliyatida yana bir unutilmas voqea bilan muhrlandi: Oliy ta’lim vazirligida ishlagan va o‘sha paytda talabalarga dars bergan Mamanbiy ismli ustozidan iqtisodiyot va boshqaruv asoslari bo‘yicha chuqur saboqlar oldi. Ushbu ustozining bugungi kunda Transport vazirining birinchi o‘rinbosari darajasigacha bo‘lgan munosib yo‘li Adham uchun doimiy motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Universitetdagi dastlabki tasavvurlari — insonlarni to‘g‘ri boshqarish va ularning salohiyatini ochish san’ati — bugungi professional faoliyati bilan to‘laqonli mos kelib, u tanlagan yo‘lining naqadar to‘g‘ri bo‘lganini amalda isbotlamoqda.
Professional o‘sish va bank tizimidagi ilk qadamlar
Adham Zulxaydarovning bank tizimidagi karyerasi 2019-yilda, universitetni bitirish arafasidagi uch oylik o‘quv amaliyotidan boshlandi. O‘sha paytdagi ATB "Qishloq qurilish bank" Markaziy idorasining Xodimlarni boshqarish bo‘limiga amaliyotchi bo‘lib kelgan yosh yigit o‘zining intiluvchanligi, mehnatsevarligi va xalqaro tillarni bilishi bilan darhol rahbariyat e’tiborini tortdi. Amaliyot boshlanganidan atigi ikki hafta o‘tib, uning buyrug‘i chiqdi va u 0,5 stavka ish haqi bilan rasmiy ravishda mutaxassis lavozimiga ishga qabul qilindi. Universitetni tamomlagach, qisqa muddat ichida uning lavozimi ko‘tarilib, filiallar bilan ishlash bo‘limi, so‘ngra kadrlarni tanlash va moslashtirish bo‘limlarida mutaxassislikdan yetakchi mutaxassis va bosh mutaxassis darajasigacha bo‘lgan bosqichlarni muvaffaqiyat bilan bosib o‘tdi. Ushbu davrda unga boshqa nufuzli departamentlardan ham jozibador takliflar tushgan bo‘lsa-da, u o‘z sohasiga sodiq qolgan holda aynan kadrlar menejmenti yo‘nalishida rivojlanishni afzal bildi. Ortga nazar tashlaganda, uning faoliyatidagi eng muhim burilish nuqtasi aynan amaliyot davridayoq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqmagani va bankning ichki kadrlar siyosatini mukammal o‘rganishga bo‘lgan intilishi bo‘ldi.
Bank transformatsiyasi va HR sohasidagi yangi davr
Moliya bozoridagi talablarning o‘zgarishi natijasida ATB "Qishloq qurilish bank" brendi ostidagi faoliyat yangi bosqichga ko‘tarilib, "Biznesni rivojlantirish banki" sifatida qayta tashkil etildi va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari boshlab yuborildi. Bu jarayon faqatgina tashqi ko‘rinish yoki nomning o‘zgarishi emas, balki bankning butun boshqaruv tizimi, xususan, HR falsafasining tubdan yangilanishini anglar edi. Ushbu murakkab davrda Aholi kambag‘alligini qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari Alisher Akmalovich Muratov hamda bank tizimida ulkan tajribaga ega bo‘lgan Boshqaruv raisi Saxi Saparmuxamedovich Annaklichevlarning xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Ular boshchiligida amalga oshirilgan transformatsiya jarayonlarida qahramonimiz ham faol ishtirok etdi. Qahramonimizning ta’kidlashicha, an’anaviy tizimdan raqamli va biznesga yo‘naltirilgan zamonaviy HR modeliga o‘tishda uning shaxsiy va professional shakllanishiga eng katta hissa qo‘shgan ustozlari Ibrohim Ahmedovich Mirzamurodov va Nargiza Karimovna Karimova bo‘ldilar. Ularning bank tizimidagi kadrlarga oid muammolarni hal qilishdagi yuksak bilimlari Adham uchun katta hayotiy saboq bo‘ldi. U an’anaviy HR faqat xodimlarni joy-joyiga qo‘yish (perestanovka) emas, balki jarayonlarni avtomatlashtirish, xodimlarning samaradorligini biznes natijalariga bog‘lash va har bir xodimni bankning strategik hamkoriga aylantirish ekanligini chuqur anglab yetdi.
Strategik HR va HR Analytics sari tashlangan qadamlar
Adham bank tizimidagi ko‘p yillik sermahsul faoliyatidan so‘ng, o‘zining professional va akademik izlanishlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2025-yilning fevral oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shundan so‘ng u diqqat-e’tiborini xalqaro tajribani o‘rganish va strategik HR tahliliy yo‘nalishlarida o‘z ustida ishlashga qaratdi. U o‘z bilimlari va malakasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes va tadbirkorlik maktabining Master of Business Administration (MBA) magistratura yo‘nalishida tahsil oldi. Shuningdek, u Qozog‘istonda joylashgan "Texas Retaining Group" tashkilotining kadrlar transformatsiyasi, kadrlarni to‘g‘ri joylashtirish va ta’lim berish bo‘yicha uch oylik maxsus kurslarini onlayn tarzda muvaffaqiyatli tamomlab, nufuzli xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi. O‘zining akademik salohiyatini yanada mustahkamlagan holda, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kanzas shtatidagi Pittsburg universitetida kadrlar masalalari bo‘yicha malaka oshirish dasturida ishtirok etib, xalqaro amaliyotni bevosita o‘rgandi.
Hozirgi kunda Adham Zulxaydarov xalqaro ilmiy doiralarda o‘z maqolalari bilan tanilgan izlanuvchidir. Uning inson resurslarini boshqarish samaradorligi, HR metrics, employee turnover (xodimlar qo‘nimdorligi), time-to-productivity, eNPS (ish beruvchining sodiqlik indeksi) va ROI (investitsiyalarning qaytimi) kabi ko‘rsatkichlarning banklarning umumiy moliyaviy samaradorligiga ta’siriga bag‘ishlangan ilmiy maqolalari London va AQShning nufuzli nashrlarida chop etilgan. Qahramonimizning fikricha, bugungi kunda sohadagi eng asosiy muammo va chaqiriq — g‘arbning ilg‘or HR modellarini va raqamli tahliliy tizimlarini o‘zimizning milliy mentalitet va mahalliy bozor sharoitlariga moslashtirish hisoblanadi. Rivojlangan davlatlar tajribasini ko‘r-ko‘rona nusxalash kutilgan natijani bermaydi; tizim muvaffaqiyatli ishlashi uchun avvalo ichki muhitni tayyorlash, infratuzilmani yaratish va shundan keyingina raqamli tahlillarni biznesga integratsiya qilish lozim. Bugungi kunda u to‘plagan boy tajribasi va xalqaro bilimlari asosida HR sohasida strategik tahlillar yuritish va o‘z ustida to‘xtovsiz izlanishda davom etmoqda.
Ramazon To’ychiev tayyorladi
Изоҳ