Oila va ta’lim: halollik maktabi
Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan. Otasi tadbirkor, onasi uy bekasi bo‘lgan. Oilada bir ukasi va bir singlisi bilan ulg‘aygan.
“Uyda bizga eng avvalo mehnatsevarlik, halollik, so‘zga sodiqlik va ilmga hurmatni o‘rgatishgan”, — deydi u. Tadbirkor ota misolida u yoshligidanoq mehnat va mas’uliyat qadrini ko‘rib ulg‘aydi. Aynan shu qadriyatlar keyinchalik uning ish uslubiga aylandi: va’dani bajarish, xatoni yashirmaslik va har bir qaror uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish.
Ishlab chiqarish, texnologiya va sanoat korxonalarining ishlash tartibi uni doim qiziqtirgan. Shu bois u Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIST) tahsil oldi. Yo‘nalish tanlovi tasodifiy emas edi.
“Bu yo‘nalishni mamlakat sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shish istagi bilan tanladim”, — deydi u. Talabalik yillarida u o‘zini sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etadigan, ta’minot va yangi texnologiyalarni joriy qiladigan mutaxassis sifatida tasavvur qilgan. Bu orzu ro‘yobga chiqishi uchun ko‘p kutish kerak bo‘lmadi. U sohadagi ilk tajribasini talabalik davridayoq yordamchi sifatida orttira boshladi.
“Texnopark”: noldan boshlangan zavod
Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayevning rasmiy mehnat faoliyati 2019-yil noyabrida “Texnopark” MChJda boshlandi. U press-qoliplar va shtamplar ishlab chiqarish bo‘yicha moliya va ta’minot bo‘limida import-eksport operatsiyalari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ish boshladi. Zavodni qayta jonlantirish uchun zarur uskunalar, xomashyo va materiallarni xorijdan olib kelish, ularni o‘z vaqtida yetkazish — uning bevosita vazifasi edi.
Dastlabki oylar oson kechmadi. Hujjatlar va bojxona rasmiylashtiruvi, xorijiy ta’minotchilar bilan muzokaralar, qat’iy muddatlar — bularning barchasi yosh mutaxassisdan katta e’tibor va chidam talab qilardi. Har bir yuk, har bir hujjat va har bir kelishuv zavodning qayta tiklanishi uchun muhim edi.
Natija uzoq kuttirmadi. Bor-yo‘g‘i sakkiz oydan so‘ng, 2020-yil iyulida u shtamplangan buyumlar ishlab chiqarish yo‘nalishida direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu ko‘tarilishga ta’minot va import-eksport bo‘yicha to‘plangan amaliy tajriba, loyihalarni muddatida va sifatli yakunlash natijalari sabab bo‘ldi.
“Rahbarlikka tayyorlanishimda eng muhimi — ta’minot zanjirini boshidan oxirigacha ko‘rganim va ishlab chiqarish bilan bevosita ishlagan tajribam bo‘ldi”, — deb hisoblaydi u.
Eng qiyin loyiha: importdan mahalliy ishlab chiqarishga
Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev o‘z faoliyatidagi eng murakkab loyihalardan biri sifatida “Texnopark”da plastmassa quyish qoliplari va shtamplash matritsalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni tilga oladi. Uning ta’kidlashicha, bu O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilgan tajriba edi. Ilgari bunday asbob-uskunalar asosan Turkiya va Xitoydan import qilinardi.
Plastmassa quyish qoliplari va shtamplash matritsalari ko‘plab sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning asosi hisoblanadi. Ular bo‘lmasa, ishlab chiqarish liniyasi to‘xtab qoladi. Import esa o‘z muammolarini olib kelardi. Yetkazib berish muddatlarini nazorat qilish eng og‘riqli masalaga aylangandi: turli siyosiy vaziyatlar, chegaralardagi tirbandliklar har qanday rejani buzib yuborishi mumkin edi. Bitta qolipning kechikishi esa butun ishlab chiqarish rejasini izdan chiqarardi.
“Bu muammoning yechimini men mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarishda ko‘rdim”, — deydi u.
Natijada import o‘rniga mahalliy ishlab chiqarish boshlandi. Bu yerda gap shunchaki xarajatni tejash haqida emas, balki ishlab chiqarishning mustaqilligi haqida borardi. Loyiha unga muhim saboq ham berdi: murakkab vazifani bosqichlarga bo‘lish va inson omilini kamaytiradigan aniq jarayonlar yaratish zarur. Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev ushbu mavzu bo‘yicha ilmiy tadqiqot ham chop etgan. Bu uning amaliyotchi bo‘libgina qolmay, o‘z tajribasini ilmiy jihatdan umumlashtirishga intilishini ko‘rsatadi.
Artel: yirik korxona maktabi
2021-yil fevralidan 2025-yil avgustigacha Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev mamlakatning yirik sanoat guruhlaridan biri — “Artel Engineering and Management” MChJda xaridlar va ta’minot bo‘limida elektrotexnika sanoatini yetkazib berish bo‘yicha bosh mutaxassis bo‘lib ishladi. Bu yerdagi eng muhim vazifalaridan biri qolip ishlab chiqarish zavodi uchun import mahsulotlari narxini pasaytirish bilan bog‘liq edi. To‘rt yildan ortiq davrda u ta’minot zanjirini rejalashtirish, xaridlarni tashkil etish, ta’minotchilarni baholash va yetkazib berish muddatlarini boshqarish bo‘yicha chuqur amaliy bilim orttirdi. Yirik korxonada bitta xarid qarori minglab mahsulot tannarxiga ta’sir qiladi. Shu bois har bir ta’minotchini baholash va har bir shartnoma shartlarini puxta o‘rganish alohida ahamiyatga ega edi. Eng muhimi, sanoat korxonalarining ehtiyojlarini oldindan ko‘ra bilishni o‘rgandi.
“Texnopark”dagi noldan qurish tajribasi va Artel’ning yirik, tizimlashgan muhiti unga ikki xil dunyoni ko‘rish imkonini berdi. Agar “Texnopark”da asosiy e’tibor ishlab chiqarish va texnologiyani joriy etishga qaratilgan bo‘lsa, Artel’da u katta korxona tizimi va standartlashtirilgan ta’minot jarayonlari bilan ishlash tajribasini orttirdi.
Rahbarning uch tamoyili
Bugun Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev jamoani boshqarishda uchta asosiy tamoyilga amal qiladi.
“Birinchisi — ochiqlik: xodimga vazifa va kutilgan natijani aniq tushuntiraman. Ikkinchisi — javobgarlik: o‘zim va’da qilganimni bajaraman, xatoni yashirmayman. Uchinchisi — faktlarga tayanish: murakkab vaziyatda his-tuyg‘u emas, raqam va dalillar asosida qaror qabul qilaman”, — deydi u.
Uning fikricha, ishonch buyruq bilan emas, kundalik mehnat bilan shakllanadi: xodimni tinglash, uning ishini munosib baholash va xato qilganda ham uni qo‘llab-quvvatlash orqali. U o‘z kasbiy rivojida rahbarlari, hamkasblari va kompaniyalarning ichki madaniyati katta rol o‘ynaganini alohida ta’kidlaydi. Ulardan o‘rgangan mas’uliyat, aniqlik va odamlarga ishonch bugun unga jamoani boshqarishda ham, muzokaralarda ham katta yordam bermoqda.
Ish tashqarisida u sport, kitob o‘qish va sayohatga vaqt ajratadi, eng qadrli damlarini esa oilasi bilan o‘tkazadi. “Oila uchun alohida vaqt ajrataman, ish paytida esa butun diqqatimni ishga qarataman. Menimcha, muvozanat uzoq muddatli samarali ishning asosidir”, — deydi u.
“Garant Diesel” va katta maqsadlar
2026-yil fevralidan Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev “Garant Diesel” MChJda direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda. U bu lavozimni og‘ir texnika va tog‘-kon uskunalari bo‘yicha tajribasini kengroq qo‘llash imkoniyati uchun tanlagan.
Bugun uning zimmasida uskunalarni yetkazib berish, xorijiy ta’minotchilar bilan hamkorlik, mijozlar bilan shartnomalar va loyihalar nazorati turibdi. Ustuvor yo‘nalishlari aniq: yetkazib berishning ishonchliligi va sifati, mijozlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish hamda ehtiyot qismlar bo‘yicha barqaror ta’minot. Tog‘-kon sohasida uskunaning bir kun to‘xtab qolishi ham katta yo‘qotishlarga olib keladi. Shu bois ishonchli yetkazib berish va ehtiyot qismlar ta’minoti bu yerda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Kelgusi 5–10 yil uchun maqsadlari esa yanada keng. U kompaniyani kengaytirish va yangi ishlab chiqarish loyihalarini boshlashni rejalashtirmoqda. Sanoat uskunalari va po‘lat mahsulotlari ta’minotini ishonchli va shaffof tizimga aylantirish, ishlab chiqarish texnologiyalarini mahalliylashtirishda ishtirok etish — uning kasbiy orzulari shular.
“O‘zbekiston sanoatiga hissa sifatida import o‘rniga mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ta’minotchilar bilan ishonchli hamkorlik o‘rnatish va yosh mutaxassislarni tayyorlashni ko‘raman”, — deydi u. Bir paytlar rahbarlari va hamkasblaridan olgan saboqlarini endi yangi avlodga yetkazishni u o‘zining muhim vazifasi deb biladi.
Sovet davridan qolgan vayrona zavoddan boshlangan yo‘l bugun yirik sanoat loyihalariga yetakchilik qilish maqsadi sari davom etmoqda. Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayev kelajakda o‘zini aynan shunday — yirik sanoat loyihalari rahbari sifatida ko‘radi. Uning hozirgacha bosib o‘tgan yo‘li esa bu maqsad shunchaki orzu emasligini ko‘rsatib turibdi.
Uning hikoyasi sanoatga endi kirib kelayotgan yoshlar uchun ham ibratli. Bolalikda oilada singdirilgan mehnatsevarlik, halollik va so‘zga sodiqlik — bular eskirmaydigan qadriyatlar. Aynan ular noldan boshlangan zavodda ham, yirik korxonada ham, bugungi rahbarlik lavozimida ham Ja’farxo‘ja Toshxo‘jayevning asosiy tayanchi bo‘lib kelmoqda.
Muallif: Sher-Ali Bo'riboyev
Изоҳ